ERP o‘lyaptimi? Yo‘q. Monolit ERP o‘lyapti

AI davrida biznesga katta, og‘ir, hamma narsani yutib yuboradigan tizim emas — o‘z ma’lumotini erkin boshqaradigan arxitektura kerak.


Biznesda eski bir gap bor: “hamma narsani bitta ERPga solamiz, keyin hammasi tartib bo‘ladi, tizimlashadi”. Qog‘ozda zo‘r eshitiladi. Amalda esa ko‘p kompaniyalarda bu gap biznesni bitta provayder, bitta arxitektura va bitta narx siyosatiga bog‘lab qo‘yadi.

ERPning o‘zi yomon emas. Aksincha, ERP kundalik biznes operatsiyalarini — buxgalteriya, xarid, loyiha boshqaruvi, risk boshqaruvi, ta’minot zanjiri va shunga o‘xshash jarayonlarni boshqarish uchun chiqqan tizim, va uning asosiy kuchi ma’lumotlarni umumiy struktura hamda umumiy bazaga yig‘ishida (Oracle ERP guide).

Muammo ERPda emas. Muammo “bitta monolit tizim hamma narsani hal qiladi” degan eski fikrda.

Gap shundaki, AI davrida biznesga katta, og‘ir, hamma narsani ichiga yutib yuboradigan tizim emas, balki o‘z ma’lumotini erkin boshqara oladigan, boshqa tizimlarga tez ulanadigan va jarayonlarni xavfsiz avtomatlashtira oladigan arxitektura kerak.

“Hammasi bitta joyda” muammosi

O‘zim ERP savdosi va implementatsiyasidan chiqqanman. Ko‘p ERP va all-in-one SaaS modellarining yashirin kuchi mahsulotning o‘zida emas, ma’lumot qayerda yotganida. Siz savdo, ombor, moliya, mijozlar, xodimlar va hisobotlarni bitta platformaga kiritasiz. Keyin chiqmoqchi bo‘lsangiz, muammo boshlanadi: data export, integratsiya, migration, qayta o‘qitish, yangi hisobotlar, yangi jarayonlar.

Buni “vendor lock-in” deyishadi: mijoz boshqa yechimga o‘tmoqchi bo‘lsa, switching cost shunchalik katta bo‘ladiki, u amalda eski vendor bilan qolishga majbur bo‘ladi (vendor lock-in definition). Bu narsa faqat texnik muammo emas. Bu biznes mustaqilligi muammosi.

Shu paytgacha ERP sotuvchilari “hammasini bizga olib keling, keyin biz sizga biznesingiz haqida yagona haqiqat manbasini (source of truth) beramiz” deyishdi. ERP tarixan aynan shuning uchun foydali bo‘lgan — SAP ham, Oracle ham ERP tizimlari ma’lumotlarni umumiy struktura va umumiy bazaga yig‘ib, “single source of truth” yaratishini tushuntiradi (Oracle ERP guide). Lekin bu yondashuvning narxi bor. Kompaniya o‘z ma’lumotiga egalik qilayotgandek ko‘rinadi, lekin amalda uni ishlatish, ko‘chirish va boyitish huquqi vendor shartlariga bog‘lanib qoladi.

AI bu ERP ichidagi chat emas

Hozir ko‘p provayderlar “bizning ERP ichida AI bor” deyapti. Bunga sal skeptik qarash kerak. AI bu yerda chat oynasi yoki chiroyli agent avatarini qo‘shish degani emas.

Real AI qiymati boshqa joyda: ma’lumotni topish, kontekstni tushunish, keyingi qadamni taklif qilish, API orqali boshqa tizimga ulanib ish bajarish va kerak joyda insondan tasdiq olish. AI agentlarni vazifa bajarish uchun data sources, tools, APIs va ERP kabi korporativ tizimlarga ulanadigan software entity sifatida ta’riflash osonroq (Oracle AI Agents). Demak, AI alohida “feature” emas. AI — ma’lumot, jarayon, ruxsat, audit va execution qatlamining birga ishlashi. Ko‘plab ERP sistemalarda bu narsalar super cheklangan yoki qimmat yoki umuman yo‘q.

Mana shu joyda eski monolit ERP modeli qiyin ahvolga tushadi. Oldin ERP “hamma ma’lumotni menga olib kel, keyin men senga avtomatizatsiya beraman” degan bo‘lsa. Endi AI agentlar turli tizimlardagi ma’lumotlarni o‘qishi, bog‘lashi orqali ish yuritishi mumkin. Shuning uchun savol o‘zgardi industriyada. “Qaysi ERPni olamiz?” emas, “ma’lumotimizni qaysi arxitekturada erkin va xavfsiz ishlatamiz?”

Signal

AI allaqachon korporativ dasturiy ta’minotning markaziga kirib keldi. McKinsey’ning 2025 yilgi AI tadqiqotida respondentlarning 88 foizi kamida bitta biznes funksiyasida AI ishlatayotganini aytgan, 62 foizi esa AI agentlar bilan tajriba qilayotganini bildirgan (McKinsey State of AI 2025). Lekin shu tadqiqotning o‘zida muhim joy bor: kompaniyalarning faqat taxminan uchdan biri AI yechimlarini scale qilish bosqichiga olib chiqqan.

Ya’ni bozor AI xohlayapti, lekin ko‘p kompaniyalarning tizimlari bunga tayyor emas. Ma’lumot tartiblanmagan, “kir”, jarayonlar odamlarning boshida, API yo‘q, role-based access noaniq, audit trail yo‘q. Keyin “AI ishlamadi” deb xulosa qilishadi. Aslida AI ishlamagan emas. Arxitektura AIga tayyor bo‘lmagan. Shunaqa mijozlarga biz yo‘q deymiz yoki ma’lumotni tartiblaymiz.

Gartner 2024 yilda kamida 30 foiz generativ AI loyihalari 2025 yil oxirigacha 1-bosqich (proof-of-concept) bosqichidan keyin to‘xtatilishini prognoz qilgan; asosiy sabablar sifatida yomon data sifati, yetarli risk controls yo‘qligi, xarajatning oshishi va biznes qiymatining noaniqligi keltirilgan (Gartner). Gartner keyinroq agentic AI bo‘yicha ham ehtiyotkor signal berdi. Reuters xabariga ko‘ra, Gartner 2027 yil oxirigacha agentic AI loyihalarining 40 foizdan ortig‘i cost, unclear business value yoki risk sababli bekor qilinishini prognoz qilgan (Reuters / Gartner).

Bu raqamlar bitta narsani aytyapti: “AI sotib olish” boshqa, AI ishlaydigan biznes operatsion qatlamini qurish boshqa.

SAP misoli: gigantlar ham yangi o‘yinga moslashyapti

SAPni ko‘p yillar davomida enterprise software bozorining og‘ir vaznli giganti deb bilamiz. Lekin SAP ham hozir AI atrofida o‘z pozitsiyasini qayta qurmoqda. 2026 yil may oyida SAP “Autonomous Enterprise” konsepsiyasini taqdim qildi; bu yondashuv data, cloud, AI va automation imkoniyatlarini birlashtirib, finance, HR, ta’minot, mijozlar bilan ishlar va hokazo jarayonlarini AI agentlar orqali avtomatlashtirishga qaratilgan (WSJ, TechRadar).

Bu SAP yomon degani emas. Aksincha, bu signal: hatto SAP kabi gigant ham kelajak “module sotish” atrofida emas, data + process + governance + AI agentlar atrofida qurilayotganini tushunyapti.

Lekin boshqa tomoni ham bor. 2025 yilda Yevropa Komissiyasi SAPning on-premise ERP maintenance va support bozoridagi amaliyotlari bo‘yicha antitrust tekshiruv boshlaganini Reuters xabar qildi; regulyatorlar SAP mijozlar tanlovini cheklagan bo‘lishi mumkinmi degan savolni ko‘rib chiqmoqda, SAP esa qonunchilikka amal qilayotganini va tekshiruvda hamkorlik qilishini bildirgan (Reuters). Bu yakuniy hukm emas. Lekin bu enterprise software’dagi eng og‘riqli mavzuni ko‘rsatadi: mijozning tanlov erkinligi.

Monolit ERP qayerda sinyapti?

Monolit ERP bir paytlar mantiqli edi. Chunki tizimlar bir-biri bilan yaxshi gaplashmasdi. Integratsiya qimmat edi. Hisobot uchun ma’lumotni qo‘lda birlashtirish kerak edi. Shuning uchun “hammasini bitta joyga qo‘yaylik” degan qaror tabiiy ko‘rinardi.

Lekin bugun vaziyat boshqacha. Buxgalteriya 1C’da bo‘lishi mumkin. Savdo jamoasi alohida CRM ishlatishi mumkin. Ombor WMS’da yurishi mumkin. Marketing alohida platformada bo‘lishi mumkin. Muammo bu tizimlarning alohida ekanida emas. Muammo ular orasida toza data contract, API, mapping, access control va audit yo‘qligida.

ERP odatda “hammasini bitta joyga olib keling, men tartib qilaman” der edi. AI davridagi to‘g‘ri savol esa “har bir tizim o‘z ishini yaxshi qilsin, lekin ma’lumotlar umumiy semantik qatlam orqali boshqarilsin”.

Shu sababli HEAD pozitsiyasi oddiy: ERPni almashtirish uchun ERP qilish kerak emas. Avval biznes ma’lumotlari qayerda yotganini, qaysi jarayon qayerda sinayotganini, qaysi qarorlar qo‘lda qilinayotganini va qaysi joylarda AI haqiqiy vaqt yoki pul tejashini ko‘rish kerak.

Yangi arxitektura: “bitta tizim” emas, “bitta operatsion qatlam”

Biz ko‘rayotgan yangi model shunday: tizimlar alohida bo‘lishi mumkin, lekin biznes operatsion qatlami bitta bo‘lishi kerak. Bu nimani anglatadi?

Birinchidan, har bir asosiy ma’lumot turi uchun system of record aniq bo‘ladi: moliya ma’lumoti qayerdan olinadi, mijoz ma’lumoti qayerda master bo‘ladi, mahsulot va ombor ma’lumoti qaysi tizimda yuradi.

Ikkinchidan, tizimlar o‘rtasida integratsiya qo‘l mehnati bilan emas, aniq API, event, data warehouse yoki data lakehouse orqali yuradi. AI agentlar shunda real qiymat beradi, chunki ular tartibli ma’lumot va ruxsat etilgan amallar ustida ishlaydi (Oracle AI Agents).

Uchinchidan, AI har bir qarorni avtomatik bajarishi shart emas. McKinsey yuqori natija ko‘rayotgan kompaniyalar AI workflow’larini qayta loyihalashga va qaysi joyda inson tasdig‘i kerakligini aniqlashga ko‘proq e’tibor berishini yozadi (McKinsey State of AI 2025). Boshqacha aytganda, yaxshi AI arxitekturasi “hammasini robot qilsin” emas. Yaxshi AI arxitekturasi “robot qayerda tezlashtiradi, inson qayerda nazorat qiladi?” degan savolga javob beradi.

To‘rtinchidan, data ownership masalasi boshidan hal qilinadi. Ma’lumotni eksport qilish, boshqa tizimga ko‘chirish, audit qilish va kerak bo‘lsa modelga bermaslik huquqi biznesda qolishi kerak. Vendor lock-inning asosiy dardi ham shu: texnik qaror oxir-oqibat biznes erkinligini cheklab qo‘yadi (vendor lock-in definition).

Yakuniy gap

ERP o‘lmaydi. Moliya, supply chain, ombor, xarid, HR va compliance kabi jarayonlarga baribir tartibli tizim kerak. Oracle ERP’ni aynan kundalik biznes jarayonlarini boshqaradigan va ma’lumot oqimini birlashtiradigan tizim sifatida ta’riflaydi (Oracle ERP guide).

Lekin monolit ERP davri tugayapti. “Hamma narsani bitta vendor ichiga soling, keyin tinch yurasiz” degan model AI davrida xavfli ko‘rinadi. Chunki AI uchun eng muhim narsa bitta katta tizim emas. AI uchun eng muhim narsa — toza data, aniq jarayon, ochiq integratsiya, ruxsat nazorati va audit.

Biznes egasi uchun savol shunday bo‘lishi kerak: “mening ERPim bormi?” emas. Savol: “mening ma’lumotim o‘zimnikimi, tizimlarim bir-biri bilan gaplasha oladimi va AI qatlamini ustiga qo‘ysam, u real ish bajara oladimi?”

Shu savolga javob yo‘q bo‘lsa, yangi ERP sotib olish shoshilinch yechim emas. Avval arxitekturani ko‘rish kerak. Keyin tizim tanlash kerak. Aks holda bugungi ERP loyihasi ertangi AI muammosiga aylanadi.